Tadbirkordan $63 ming talab qilgan amaldor qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida Favqulodda vaziyatlar vazirligining tumanlardan biridagi rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX ma’lum qildi. U tadbirkordan $63 ming talab qilgan.
Aniqlanishicha, mansabdor shaxs tuman hududidan oqib o‘tuvchi uchta soy bo‘yini mustahkamlash va beton yo‘l o‘tkazgichlari qurishga oid 5,04 mlrd so‘mlik shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi aloqalari orqali bir MChJga olib berganini ro‘kach qilgan. Shu orqali u korxona rahbaridan $63 ming «ulush» talab qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u joriy yilning mart–aprel oylarida ushbu summaning $24 mingini olgan. Keyinchalik esa qolgan $39 mingni ham berishni so‘ragan. Tezkor tadbir davomida mansabdor yana $25 mingni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. U pulni o‘zining «Tracker» rusumli xizmat avtomashinasida olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Operatsiya DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Favqulodda vaziyatlar vazirligining shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalari hamkorligida o‘tkazilgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda 5,4 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanish fosh etilgani haqida yozgan edi.