Jetour kompaniyasi yangi modellarini namoyish etdi

26-aprel 2026 15:17 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jetour kompaniyasi yangi modellarini namoyish etdi
Foto: CarNewsChina

2026-yilgi Pekin avtosalonida Jetour kompaniyasi bir nechta yangi avtomobillarini taqdim etdi. Bu haqda CarnewsChina nashri xabar bermoqda. Ular orasida Jetour T8, Shanhai L10 va TX konsepti asosiy yangiliklar bo‘ldi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan Jetour T8 uch qatorli, yetti o‘rindiqli yirik SUV sifatida taqdim etildi. Model dizayni to‘g‘ri burchakli va baland kapotli bo‘lib, klassik yo‘ltanlamas uslubini eslatadi. Avtomobil hashamatga emas, balki amaliy foydalanishga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 2.0T turbo dvigatel asosidagi tizim bilan jihozlanadi va taxminan 254 ot kuchi ishlab chiqaradi. Model GAIA platformasiga asoslangan bo‘lib, yo‘ldan tashqari imkoniyatlarga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: CarNewsChina

Shanhai L10 esa gibrid yo‘nalishdagi SUV sifatida ko‘rsatildi. U Jetour’ning yangi Shanhai liniyasiga kiradi va plug-in gibrid texnologiyalar bilan rivojlantirilmoqda. Ko‘rgazmada model nomi bo‘yicha ayrim tafovutlar kuzatildi, biroq umumiy holda u L10 sifatida tilga olinmoqda. Texnik xususiyatlari to‘liq ochiqlanmagan bo‘lsa-da, model kompaniyaning gibrid segmentdagi rejalarida muhim o‘rin tutadi.

TX konsepti esa Jetour’ning elektr yo‘nalishdagi kelajak qarashlarini aks ettiradi. U ham boshqa modellarga o‘xshash tarzda mustahkam, to‘g‘ri burchakli dizaynga ega. Mazkur konsept seriyali ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan, biroq kompaniyaning dizayn falsafasi va texnologik yo‘nalishini ko‘rsatadi.

Foro: CarNewsChina

Jetour Chery tarkibiga kiradi va asosan arzon, amaliy SUV modellarga e’tibor qaratadi. So‘nggi yillarda brend savdosida o‘zgaruvchan dinamika kuzatilgan bo‘lsa-da, 2026-yilda yana tiklanish alomatlari paydo bo‘lmoqda. Yangi taqdim etilgan modellar kompaniyaning bozor pozitsiyasini mustahkamlash va keng segmentlarni qamrab olishga qaratilganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jetour Traveller Plus va C-DM modellari sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek