Andijonda attraksion sinishi oqibatida fuqarolar jarohatlandi

26-aprel kuni Andijon shahridagi Z. M. Bobur nomidagi istirohat bog‘ida attraksionning temir konstruksiyasi sinib tushdi. Oqibatda dam oluvchilar turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, hodisa oqibatida 2 nafar fuqaro yengil turdagi tan jarohati olgan va ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Biroq turli manbalarga ko‘ra, voqea guvohlari kamida 7 kishi jarohatlanganini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolariga istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar maskanlardagi nosoz yoki xavfli attraksionlar haqida bevosita smartfon orqali xabar berish imkoniyati yaratilgan. «Attraksion nazorati» deb nomlangan mobil ilovani ayni damda Android qurilmalari uchun bepul yuklab olish mumkin.

Ushbu ilova yordamida texnik nosoz yoki shubhali attraksionlar joylashgan viloyat, tuman va bog‘ nomini tanlab, onlayn murojaat yuborish tizimi joriy etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent parklarida 39 ta attraksion ruxsatsiz ishlayotgani ma’lum bo‘lgani haqida xabar bergan edi.