Eron AQShga bo‘g‘ozni qayta ochish bo‘yicha kelishuv taklif qildi — Axios

Axios nashrining ma’lum qilishicha, Eron AQShga bo‘g‘ozni qayta ochish bo‘yicha kelishuv taklif etdi. Taklif AQSh tomoniga vositachilar orqali yetkazilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy Tehron yadroviy muzokaralarni keyingi bosqichga qoldirish taklif qilgani aytilmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ushbu tashabbusni mintaqaviy uchrashuvlarda muhokama qilgan. U Islomobod va Maskatda o‘tkazilgan muzokaralarda vositachilar bilan uchrashgan.
Manbalarga ko‘ra, Eron rahbariyatida AQSh talablariga qanday javob berish borasida yakdil fikr yo‘q. Vashington esa Tehrondan kamida 10 yil davomida uran boyitishni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Taklifga binoan, avval Hormuz bo‘g‘ozi ochiladi va dengiz blokadasi bekor qilinadi. Shundan keyin uzoq muddatli sulh yoki urushni to‘liq yakunlash masalasi hal etiladi. Yadroviy muzokaralar esa faqat keyingi bosqichda boshlanishi rejalashtirilgan.
Donald Tramp esa hozircha blokadani davom ettirish tarafdori ekanini bildirgan. Uning fikricha, bu bosim Eronni yon berishga majbur qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron sobiq shohining o‘g‘li G‘arb davlatlaridan yordam so‘ragani haqida yozgan edi.