Toshkent aeroportida odam savdosi bilan shug‘ullangan ayol ushlandi

Toshkent xalqaro aeroportida odam savdosi bilan shug‘ullangan ayol ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruh a’zosi bo‘lgan ayol qizlarni xorijga aldov yo‘li bilan yuborish bilan shug‘ullangan. U 4 nafar qizni jalb qilgan va ulardan birini o‘zi bilan Dubayga olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Ayol Toshkent xalqaro aeroportida to‘xtatib qolingan. Tergovga ko‘ra, qizlarni jinsiy ekspluatatsiya maqsadida chet elga yuborish rejalashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, bunday jinoyatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buxoroda qariyb 1 tonna noqonuniy spirt savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.