Quvasoyda 20 mln dollarlik glazur loyihasi ishga tushadi

Quvasoyda $20 mlnlik glazur loyihasi sentabrda ishga tushadi. Shavkat Mirziyoyev Quvasoy shahridagi Crown Ceramic korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Mazkur korxona 2025-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yiliga 8 mln kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyiha 1 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatlariga ega.
Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanadi va ekologik talablarga amal qilinadi. Mahsulotlar sifati bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi.
Joriy yil boshidan buyon korxona Qirg‘iziston va Tojikistonga eksportni boshlagan. Kelgusida Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa bozorlariga chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qiymati $20 mln bo‘lgan yangi loyiha ishga tushiriladi. U yiliga 50 ming tonna glazur ishlab chiqarish imkonini beradi. Loyiha 2026-yil sentabrda ishga tushadi. Uning natijasida yana 100 ta ish oʻrni yaratilishi, qoʻshimcha $10 millionlik eksport amalga oshirilishi, sirlash mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning 85 foizini korxonaning oʻz kuchi bilan qoplash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Qo‘qondagi «Yangi O‘zbekiston» massivi bilan tanishgandi. Ushbu hudud uchun jami 1 trln 850 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 25 ming nafar aholi yashashi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.