Nissan Murano avtomobilining uch avlodida surunkali muammolar aniqlandi

eʼlon qilindi
Uzluksiz o‘zgaruvchan transmissiya (CVT) dagi ommaviy nosozliklar sababli ishlab chiqaruvchi yangi avlodda an’anaviy uzatmalar qutisiga o‘tdi
Foto: Nissan

Nissan Murano krossoverlarining 2003-yildan 2024-yilgacha ishlab chiqarilgan dastlabki uchta avlodida uzluksiz o‘zgaruvchan transmissiya (CVT) bilan bog‘liq jiddiy va qimmat nosozliklar qayd etilgan. Bu haqda CarBuzz nashri xabar bermoqda.

Foto: Nissan

Dastlabki (2003–2008) va ikkinchi avlod (2009–2014) modellarida avtomobilning harakat vaqtida silkinishi, uzatmaning sirpanishi hamda joyidan qo‘zg‘alishdagi uzilishlar kabi holatlar ko‘p bora kuzatilgan. Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, ayniqsa 2004 va 2009-yillarda ishlab chiqarilgan nusxalar eng nosoz variantlar hisoblanadi.

Foto: Nissan

Uchinchi avlod (2015–2024) vizual jihatdan katta o‘sishga erishgan bo‘lsa-da, xususan, 2015-yilgi modellarda transmissiya shikoyatlari yuqori darajada saqlanib qolgan. Qayd etilishicha, ushbu nosozlikni ta’mirlash imkonsiz bo‘lib, butun transmissiyani almashtirish o‘rtacha $7 ming xarajat talab qiladi. Shunga qaramay, 2018-yildan keyin ishlab chiqarilgan modellar avvalgilarga nisbatan ishonchliroq deb topilgan.

Foto: Nissan

Nissan ushbu yigirma yillik muammolarga yakun yasash maqsadida 2025-yilda taqdim etilgan to‘rtinchi avlod Murano modellarida CVT tizimidan to‘liq voz kechdi. Yangi avlod avtomobillariga 241 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbo dvigatel va 9 pog‘onali an’anaviy avtomat uzatmalar qutisi o‘rnatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nissan global bozorlar uchun yangi Terrano yo‘ltanlamasini namoyish qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek