Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun «Erta aralashuv» xizmati joriy etiladi

eʼlon qilindi
Nogironligi belgilangan yoki rivojlanishida muammolari bor bolalarga maxsus ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun «Erta aralashuv» xizmati joriy etiladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 2026-yil 1-iyungacha «Erta aralashuv» xizmati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida belgilandi.

Yangi xizmat 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladi. Nogironligi belgilangan yoki rivojlanishida muammolari bor bolalarga maxsus ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu jarayonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydi.

Xizmatlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan nodavlat tashkilotlar orqali ko‘rsatiladi. Bolalar bilan maxsus pedagoglar ishlaydi. Ularga rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shuningdek, davolovchi jismoniy tarbiya mutaxassislari tomonidan reabilitatsiya mashqlari tashkil etiladi. Bu bolalarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qiladi.

Farmonga ko‘ra, og‘ir anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalar uchun qo‘shimcha tibbiy yordam ham ko‘zda tutilgan. Ularning tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olganlarga 50 million so‘mgacha subsidiya berilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek