Farg‘ona sanoatiga sun’iy intellekt va startap ekotizimi joriy etiladi

Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida sanoat korxonalariga sun’iy intellekt va xorijiy akseleratorlar tajribasini tatbiq etish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sanoat korxonalarida mehnat unumdorligini oshirish va energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida xorijdan nufuzli akselerator kompaniya jalb qilinadi. Mazkur kompaniya Farg‘onadagi 10 ta yirik mahalliy korxona bilan hamkorlikda pilot loyihalarni boshlaydi.
Elektron tijorat sohasidagi ko‘rsatkichlar tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda mamlakatda ushbu tarmoq hajmi 20 baravar oshgan bo‘lsa-da, Farg‘onaning ulushi bor-yo‘g‘i 2,5 foizni tashkil etmoqda. Kelgusi besh yil ichida sohadagi o‘sish sur’atlari hisobiga respublika bo‘yicha 3,5 mln kvadrat metr tijorat omborlariga ehtiyoj tug‘ilishi prognoz qilinmoqda.
Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyatida kamida 100 ming kvadrat metr maydonga ega zamonaviy omborxona majmuasini barpo etish vazifasi qo‘yildi. Mazkur loyihaning 30 ming kvadrat metri joriy yilning o‘zida foydalanishga topshirilishi belgilangan. Infratuzilmani kengaytirish bilan birga, mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahallada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga o‘rgatish rejalashtirilgan. Har bir mahalladan kamida 10 nafardan tadbirkor ushbu yo‘nalishda maxsus o‘quv kurslariga jalb etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘ona viloyatida inflyatsiya 7,5 foizga tushgani haqida xabar bergan edi.