Farg‘onada 7,4 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartiriladi

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona, Yozyovon, Quva va O‘zbekiston tumanlarida jami 7,4 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilishini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur yerlarda eksportbop va daromadli ekinlar yetishtirish rejalashtirilgan. Bu yil Farg‘ona va O‘zbekiston tumanlarida 4,4 ming gektarda o‘rik, olxo‘ri, bodom va malina plantatsiyalari tashkil etiladi. Quva tumanida esa 1,2 ming gektar hududda gilosning eksportbop navlari ekiladi.
Yozyovon tumanida 1,8 ming gektarda cho‘l sharoitiga mos yuqori hosilli sholi plantatsiyalari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Bu yerda iste’mol va urug‘lik uchun mo‘ljallangan sholi yetishtiriladi.
Shuningdek, Yozyovonda sholichilik maktabi tashkil etiladi. Sinov tariqasida 100 gektar suv yuzasida kassetali usulda organik sholi yetishtirish boshlanadi. Viloyatda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur ham ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, 50 ming gektar kam hosilli paxta va g‘alla yerlari hamda samarasiz bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar barpo etiladi.
Dastlabki bosqichda 10 ming gektar sanoatlashgan intensiv bog‘ yaratish rejalashtirilmoqda. Bu borada texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqiladi va dehqonlarga tayyor bog‘larni imtiyozli kredit yoki lizing asosida taqdim etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘ona viloyatida inflyatsiya 7,5 foizga tushgani haqida yozgan edi.