Samsung beshta Galaxy A modeliga xavfsizlik yangilanishini taqdim etdi

Samsung bir nechta Galaxy A seriyali smartfonlar uchun yangi xavfsizlik yangilanishini tarqatishni boshladi. Bu haqda Sammobile nashri ma’lum qildi.
Kompaniya aprel oyidagi xavfsizlik patchini budjet segmentiga kiruvchi beshta model – Galaxy A35, Galaxy A26, Galaxy A25, Galaxy A07 5G va Galaxy A07 4G/LTE qurilmalariga taqdim etdi.
Yangilanish avvalgi proshivka versiyasida aniqlangan 47 ta xavfsizlik zaifligini bartaraf etib, qurilmalar himoyasini kuchaytiradi. Hozirda ushbu yangilanish Galaxy smartfonlarining Yevropa va global versiyalariga bosqichma-bosqich tarqatilmoqda.
Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy A35, Galaxy A26 va Galaxy A25 modellari kelajakda Android 16 QPR2 asosidagi One UI 8.5 yangilanishini ham olishi kutilmoqda. Biroq Galaxy A07 5G va Galaxy A07 4G/LTE qurilmalari ushbu interfeys versiyasini olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple ayrim iPhone va iPad qurilmalari uchun xavfsizlik yangilanishini chiqargan edi.