Shri-Lankada 22 budda rohibi 110 kg kannabis bilan ushlandi

Shri-Lanka poytaxti Kolombo shahridagi xalqaro aeroportda 22 nafar budda rohibi 110 kilogrammdan ortiq kannabis saqlaganlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Tailanddan qaytayotgan guruh a’zolarining har biridan 5 kilogrammdan ortiq kannabis topilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya maxfiy xabar asosida o‘tkazilgan. Giyohvandlik moddalari jomadonlarning maxsus o‘zgartirilgan soxta tubiga yashirilgan holda olib o‘tilishiga urinilgan.

Musodara qilingan narkotiklarning umumiy qiymati $3,45 mlndan oshadi. Ma’lum qilinishicha, ushbu hodisa aeroportda noqonuniy moddalar tashiyotgan budda rohiblarining hibsga olinishi bilan bog‘liq birinchi voqeadir. Turli hududlardan yig‘ilgan yosh yigitlardan iborat guruh 22-aprel kuni noma’lum homiy tomonidan taqdim etilgan chiptalar asosida Tailandga sayohat qilgan.
Ayni paytda Shri-Lanka politsiyasining Narkotiklarga qarshi kurashish byurosi ushbu kontrabanda mahalliy jinoyat tarmoqlariga aloqador yoki yo‘qligini tekshirmoqda. Hibsga olinganlar kelgusidagi tergov harakatlari uchun Negombo magistratura sudida tergov qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘izistondan noqonuniy olib kelingan 24,5 kg giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolingani haqida xabar bergan edi.