Meta kosmosdan quyosh energiyasi olish bo‘yicha yangi loyiha boshladi

Meta Platforms kompaniyasi Overview Energy startapi bilan kosmosdan quyosh energiyasi uzatish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mingta sun’iy yo‘ldosh infraqizil nur orqali Yer yuzidagi quyosh elektr stansiyalariga energiya uzatib, ma’lumot markazlarini ta’minlashi mumkin.
2024-yilda Meta ma’lumot markazlari 18 ming gigavatt-soatdan ortiq elektr energiyasini iste’mol qilgan. Bu ko‘rsatkich millionlab uy xo‘jaliklarining yillik iste’moliga teng ekani aytiladi. Shu sababli kompaniya 30 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini, asosan, yirik quyosh elektr stansiyalari orqali rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Odatda quyosh energiyasidan foydalanadigan ma’lumot markazlari kechasi ishlash uchun batareya tizimlari yoki boshqa energiya manbalariga tayanadi. Overview Energy esa bu muammoni kosmosda energiya ishlab chiqarish orqali hal qilishni taklif etmoqda.
Virjiniya shtatida joylashgan startap kosmosda quyosh energiyasini yig‘ib, uni infraqizil nurga aylantirish va Yer yuzidagi yirik quyosh fermalariga uzatishni rejalashtirmoqda. Kompaniya fikricha, bu usul lazer va mikroto‘lqinli uzatishdagi texnik hamda xavfsizlik muammolarini chetlab o‘tishga imkon beradi.
Shartnomaga binoan, Meta 1 gigavattgacha energiyani kosmik tizim orqali qabul qilishi mumkin. Shuningdek, tomonlar «megavatt fotonlar» deb nomlangan yangi o‘lchov birligini ham joriy qilgan bo‘lib, u ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun zarur yorug‘lik miqdorini ifodalaydi.
Rejalarga muvofiq, 2028-yilda birinchi sun’iy yo‘ldosh orbitaga chiqariladi. 2030-yildan boshlab esa 1000 ta qurilmadan iborat tizim ishga tushirilishi mumkin. Ular geostatsionar orbitada joylashib, Yerning katta qismini qamrab oladi va quyosh fermalariga qo‘shimcha energiya yetkazib beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Instagram’ni boshqaradigan Meta kompaniyasi yangi sun’iy intellekt mahsulotini taqdim etgan edi.