AQSh pasportida Tramp portreti paydo bo‘ladi

AQShda mustaqillikning 250 yilligi munosabati bilan yangi pasportlar seriyasi chiqariladi. Unda amaldagi prezident Donald Tramp portreti joylashtiriladi.
AQSh Davlat departamenti ma’lum qilishicha, ushbu pasportlar asosan Vashington shahrida beriladi. Boshqa hududlarda yoki onlayn ariza topshirilganda esa odatiy dizayndagi hujjatlar beriladi. Yangi pasport maketiga ko‘ra, muqovaning ichki tomoniga Trampning rasmi va oltin rangda tushirilgan imzosi joylashtiriladi. Orqa qismida esa Jon Trambull chizgan «Mustaqillik deklaratsiyasi» kartinasining bir qismi aks etadi.
Hozircha bunday pasportlardan nechta chiqarilishi ochiqlanmagan. Taqqoslash uchun, amaldagi standart pasportlarda ichki muqovada boshqa rassom – Edvard Persi Moran asari tasvirlangan. Bundan tashqari, Tramp imzosi AQShning 100 dollarlik kupyuralarida ham paydo bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu oxirgi 165 yil ichida ilk bor prezident imzosi qo‘llanilishi bo‘ladi.
Shuningdek, AQShda 24 karatli oltin tanga chiqarish ham rejalashtirilgan. Unda Tramp tasviri va «Liberty» yozuvi bo‘ladi. Avvalroq bir qator muassasalarga ham Tramp nomi berilgan. Jumladan, AQSh Tinchlik instituti uning nomi bilan atalgan. Vashingtondagi Kennedi nomidagi sahna san’ati markazi ham qayta nomlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron AQShdan Hormuz blokadasini ochishni so‘ragani haqida yozgan edi.