Chexiya bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga keladi

29 – 30-aprel kunlari Andrey Babish O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashrif doirasida Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Asosiy e’tibor savdo hajmini oshirishga qaratiladi. Shuningdek, mashinasozlik, yashil energetika, kimyo, farmatsevtika va transport sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish rejalari ko‘rib chiqiladi. Tomonlar madaniy, gumanitar va ta’lim yo‘nalishlaridagi aloqalarni ham rivojlantirishni muhokama qiladi.
Bundan tashqari, xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ham muhokama markazida bo‘ladi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Tashrif davomida Andrey Babish O‘zbekiston – Chexiya biznes forumida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifining ikkinchi kunida Investorlar markazi faoliyati bilan tanishgani haqida yozgan edi.