UzNIF aksiyalarini ommaviy joylashtira boshladi

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarini ommaviy joylashtira boshladi. IPO 29-apreldan start oldi va 12-may atrofida yakunlanishi kutilmoqda.
Taklif narxi bitta GDR uchun $25 etib belgilandi. Oddiy aksiya narxi esa 4,65 so‘mni tashkil qiladi. Bitta GDR 64 700 ta aksiyaga teng. Mazkur joylashtirish orqali kompaniya taxminan $1,95 mlrd bozor kapitallashuviga baholanmoqda. IPO doirasida jamg‘arma aksiyalarining qariyb 30 foizi sotuvga chiqarilmoqda.
Taklif ikki qismdan iborat bo‘ladi. Birinchisi Toshkent birjasida mahalliy va ayrim xorijiy investorlar uchun aksiyalar savdosidir. Ikkinchisi esa xalqaro investorlar uchun GDR shaklida taqdim etiladi.
Toshkent birjasida jismoniy shaxslar uchun imtiyoz ham bor. Ular 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan buyurtmalar uchun 5 foizlik chegirma bilan aksiyalarni 4,41 so‘m narxda xarid qilishi mumkin. Savdolar 18-may atrofida Toshkent fond birjasida boshlanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, GDRlar London fond birjasida ham ro‘yxatga olinadi.
Yirik xalqaro investorlar, jumladan, BlackRock va Franklin Templeton fondlari IPO‘da qatnashishga tayyorligini bildirgan. Ular umumiy hisobda $300 mln atrofida investitsiya kiritishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BlackRock va Franklin Templeton UzNIF IPO‘si doirasida $300 mln atrofida investitsiya kiritishi haqida yozgan edi.