Hokimlik jamg‘armasidan 600 mln so‘m mablag‘ni firma hisobiga o‘tkazgan bo‘lim boshlig‘i fosh etildi

Bag‘dod tumanida hokimlik jamg‘armasidan 600 mln so‘m mablag‘ni firma hisobiga o‘tkazgan bo‘lim boshlig‘i fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limining sobiq boshlig‘i noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u hokimlik jamg‘armasidan 600 mln so‘m mablag‘ni obodonlashtirish ishlari uchun firma hisobiga o‘tkazgan. Shundan 380 mln so‘m naqdlashtirilib, ushbu mablag‘ hisobidan korxona rahbaridan $27 ming olib, o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sirdaryoda soliq xodimi pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgan edi.