AQSh elchixonalari viza olishda yangi talablarni joriy etmoqda

AQSh Davlat departamenti tomonidan ishlab chiqilgan yangi yo‘riqnoma vaqtinchalik viza olish uchun murojaat qilayotgan shaxslardan qo‘shimcha savollarga javob berish va ayrim ma’lumotlarni majburiy tasdiqlashni talab etmoqda. Bu haqda The Guardian nashri ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, viza arizachilari konsullik xodimiga o‘z mamlakatiga qaytishda hech qanday zarar yoki yomon muomaladan qo‘rqmasligini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Agar arizachi ushbu savollarga ijobiy javob bersa yoki javob berishdan bosh tortsa, viza rad etilishi ehtimoli sezilarli darajada oshishi qayd etilgan.
Shuningdek, arizachilarga «O‘z fuqaroligingiz yoki so‘nggi yashash mamlakatingizda sizga nisbatan zarar yoki yomon muomala bo‘lishganmi?» hamda «Vatanga qaytishdan qo‘rqasizmi?» degan ikki asosiy savol beriladi.
Rasmiy hujjatlarda ushbu o‘zgarishlar viza jarayonida noto‘g‘ri ma’lumot berish holatlarini kamaytirish va arizachilarning niyatlarini aniqroq aniqlash maqsadida joriy etilayotgani bildirilgan. Shu bilan birga, AQShga boshpana so‘rab murojaat qilayotganlar sonining ko‘pligi mavjud tizimni qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘layotgani ta’kidlangan.
Mutaxassislar esa yangi yondashuv ayrim toifalardagi shaxslar, jumladan zo‘ravonlik qurbonlari, tahdid ostidagi jurnalistlar yoki diniy ta’qibga uchraganlar uchun viza olish jarayonini murakkablashtirishi mumkinligini qayd etmoqda. Bundan tashqari, noto‘g‘ri javob berish holatlari keyinchalik huquqiy oqibatlarga, jumladan, AQShga kirishga doimiy taqiq qo‘yilishiga olib kelishi ehtimoli ham mavjud.
AQSh Davlat departamenti vakillarining ma’lum qilishicha, konsullik xodimlari milliy xavfsizlikni ta’minlashda asosiy tekshiruv bosqichi hisoblanadi va yangi tartiblar immigratsiya nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda mustaqillikning 250 yilligi munosabati bilan yangi pasportlar seriyasi chiqarilishi haqida xabar qilgan edik. Unda amaldagi prezident Donald Tramp portreti joylashtiriladi.