2026-yilda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 16 foizga oshishi kutilmoqda

2026-yilda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 16 foizga oshishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Unga ko‘ra, 2025-yil yakunida ushbu ko‘rsatkich $18,9 mlrdni tashkil etdi. Bu 2024-yildagi $14,9 mlrdga nisbatan 28 foizga ko‘p.

Regulyator 2026-yilda ham o‘sish davom etishini kutmoqda. Prognozlarga ko‘ra, pul o‘tkazmalari hajmi yana 14 – 16 foizga oshishi mumkin.
Bunga asosiy sabab migrantlarni qabul qiluvchi davlatlarda ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lib qolayotgani sifatida qayd etilgan. Ish haqlari darajasi ham yuqori saqlanmoqda.
Shuningdek, hukumatlararo kelishuvlar doirasida mehnat migrantlarini rivojlangan davlatlarga yuborish tizimi kengaymoqda. Bu esa O‘zbekistonga kelayotgan valyuta oqimini yanada oshirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda xorijliklar uchun pul o‘tkazmalari soddalashtirilgani xabar qilingandi.