2026-yilda O‘zbekistonda 13 ta GES ishga tushiriladi

eʼlon qilindi
2026 – 2032-yillarda sohada 73 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan
2026-yilda O‘zbekistonda 13 ta GES ishga tushiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Unda joriy yilda O‘zbekistonda 13 ta GES ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Taqdimotda O‘zbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryo, soy va kanallar mavjudligi qayd etildi. Ushbu suv manbalari ichimlik suvi va sug‘orish bilan birga energetika, iqtisodiyot va ekologiya uchun ham strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Hozirgi vaqtda elektr energiyasining asosiy qismi tabiiy gaz va ko‘mir hisobiga ishlab chiqariladi, gidroenergiya ulushi esa 10 – 12 foiz atrofida.

So‘nggi yillarda sohada sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi. 2017-yilda 36 ta bo‘lgan gidroelektr stansiyalar soni 2025-yilga kelib 100 taga yetkazildi. Ularning umumiy quvvati 1,6 gigavattdan 2,4 gigavattgacha oshgan. Shuningdek, «UzHydroPower» gidroagregat va texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilgan.

Yig‘ilishda gidroenergetika salohiyatining hali to‘liq ishga solinmagani qayd etildi. Shu munosabat bilan 2026 – 2032-yillarda umumiy qiymati $5,8 mlrd bo‘lgan 73 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular orqali qo‘shimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratish ko‘zda tutilmoqda. Joriy yilda esa 13 ta GES ishga tushiriladi.

Yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida qayd etildi. Qiymati $365 mln bo‘lgan ushbu loyiha 160 megavatt quvvatga ega bo‘lib, yiliga $484 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Farg‘ona viloyati So‘x tumanida ham 15 megavatt quvvatli GES qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Yuqori To‘palang hududida 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

Taqdimotda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Suv omborlari va gidroinshootlarda monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilishi, 3,5 mingta nazorat-o‘lchov uskunalari o‘rnatilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, poytaxt hududida daryo va kanallar bo‘ylarini obodonlashtirish, «Daryo bo‘yi» loyihasi doirasida 306 gektar maydonni rivojlantirish, sun’iy ko‘llar va yashil hududlar yaratish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozogʻiston Oʻzbekistonga neft eksportini boshlashi mumkinligi haqida yozgan edik.

Shuningdek