Bunyodkor ko‘chasidagi ko‘prikda harakat qisman cheklanadi

Toshkent shahrida Bunyodkor shohko‘chasi va Cho‘pon ota ko‘chalari kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichda qurilish-montaj ishlari olib boriladi. Bu haqda poytaxtda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushbu qurilish ishlari sabab ko‘prikning 250 metr qismida, birinchi harakat yo‘lagida transport harakati vaqtincha cheklanadi.

Cheklov 30-aprel soat 08:30 dan 16-may soat 17:00 gacha amal qiladi. Bunda yo‘l to‘liq yopilmaydi, faqat bitta yo‘lakda harakat to‘xtatiladi. Bu hududda transport oqimi sekinlashishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yo‘llarda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish taqiqlanishi haqida xabar berilgandi. Senat tomonidan ma’qullangan yangi qonunga ko‘ra, yo‘llarni pullik yoki bepul etib belgilash tartibi aniq tartibga solindi. Mazkur vakolatlar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga topshirildi. Shuningdek, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakati endilikda faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.