
Motorola kompaniyasi tomonidan yangi Motorola Razr 70 Ultra smartfoni rasman taqdim etildi. Bu haqda Notebookcheck nashri xabar bermoqda.
Asosiy o‘zgarish batareyada bo‘lib, endi smartfon 5000 mA/soat sig‘imga ega. Oldingi modelda bu ko‘rsatkich 4700 mA/soat edi. Bu esa qurilmaning ishlash vaqtini uzaytirishi kutilmoqda.

Kamera ham yangilanib, asosiy modulda 50 megapikselli yangi LOFIC sensor qo‘llanildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, u dinamik diapazonni 6 barobar kengaytiradi. Asosiy kamera diafragmasi f/1.8. Shuningdek, 50 MP ultra keng burchakli kamera va 50 MP old kamera ham mavjud.
Smartfon Snapdragon 8 Elite protsessorida ishlaydi. Operativ xotira 16 GB gacha, ichki xotira esa 1 TB gacha yetadi. Ichki bukiluvchi ekran o‘zgarishsiz qoldi. Uning o‘lchami 6,9 dyuym. Yorqinligi 5000 nitgacha yetadi.

Yevropada smartfon 1400 yevrodan sotuvga chiqadi. Bu esa o‘tgan yilgi modelga nisbatan 100 yevroga qimmatroq.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Motorola Android 17 beta-versiyasini sinab ko‘rish imkoniyatini kengaytirgani haqida yozgan edi.