Elektr va gazni o‘chirish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi

Elektr va gazni o‘chirish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yilda energiya samaradorligini oshirish va tejash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab yangi quriladigan va ta’mirlanadigan davlat obyektlari energiya samaradorligi bo‘yicha kamida «C» toifasiga ega bo‘lishi shart.
Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi. Energiya samaradorligi milliy agentligiga energiya servis xizmatlari uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish vakolati berildi.
Davlat obyektlarida energiya sarfi yuqori bo‘lsa, ularni xalqaro standartlar asosida yaxshilash dasturlari joriy etiladi. Bu ishlar har yili amalga oshiriladi.
Shuningdek, 1-oktabrgacha energiya iste’molini Big Data, Business Intelligence va sun’iy intellekt orqali tahlil qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Energiya samaradorligi» umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingandi. Farmonga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya sig‘imini har yarim yilda hisoblash va natijalarni ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bu orqali tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq choralar belgilab boriladi.