Eron urushining haqiqiy xarajati qancha

Joriy haftada Pentagon rasmiylari Kongressda Eron bilan bo‘layotgan urushning hozirgi kungacha bo‘lgan xarajatlarini $25 mlrd deb e’lon qildi. Ammo haqiqiy yo‘qotishlar miqdori $40 – 50 mlrd atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.
Urushning dastlabki kunlaridayoq Eron tomonidan berilgan zarbalar natijasida atigi 48 soat ichida Fors ko‘rfazidagi kamida to‘qqizta Amerika harbiy obyekti zarar ko‘rgan. Ular qatorida Bahrayn, Kuvayt, Iroq, BAA va Qatardagi AQSh harbiy bazalari mavjud.
Hujumlar oqibatida Yaqin Sharqdagi bir nechta muhim radiolokatsion tizimlar va boshqa qimmatbaho uskunalar ishdan chiqqan. Xususan, Iordaniyadagi THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi radari hamda BAAning ikkita hududidagi shunga o‘xshash binolar vayron bo‘lgan.
Shuningdek, Saudiya Arabistonidagi aviabazaga qilingan hujumda AQSh Harbiy-havo kuchlariga tegishli E-3 Sentry samolyoti yo‘q qilingan.
AQSh Kongressining Vakillar palatasidagi Qurolli kuchlar qo‘mitasida hisobot bergan Pentagon vakili Jyuls Xerst ta’kidlagan $25 mlrd mablag‘ning asosiy qismi faqat o‘q-dorilarga sarflanganini ma’lum qildi.

Mudofaa vaziri Pit Xegset esa ushbu raqamga bazalarni ta’mirlash xarajatlari kiritilganmi yoki yo‘q, degan savolga aniq javob berishdan bosh tortgan.
Demokratlar vakili Ro Xanna eshituvlar chog‘ida bu ko‘rsatkichga keskin shubha bildirib, uni «mutlaqo xato» deb baholadi. Qayd etish joizki, Pentagon bungacha Kongressga urushning dastlabki 6 kunining o‘zidayoq $11 mlrd sarflanganini ma’lum qilgan va o‘tgan oyda Oq uydan davom etayotgan harakatlar uchun qo‘shimcha $200 mlrd so‘ragan edi.

Jyuls Xerstning qo‘shimcha qilishicha, Mudofaa vazirligida xorijdagi bazalarga yetkazilgan zararning yakuniy qiymati hozircha mavjud emas. Vazirlik bu obyektlarni qanday tiklash yoki umuman tiklamaslik masalasini hali hal qilmagan. Shu sababli, ta’mirlash xarajatlari Pentagonning 2027-moliya yili uchun so‘rayotgan $1,5 trln miqdoridagi budjet loyihasida o‘z aksini topmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pentagon NATO ichida bosim choralarini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi.