Bozordagi katta burilish: muomaladagi kartalar soni bo‘yicha O‘zbekiston banklari reytingi

O‘zbekiston bank sektori barqaror transformatsiyani namoyish etmoqda: 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, muomaladagi bank kartalarining umumiy soni qariyb 70 mln donaga yetdi. So‘nggi uch yillik ma’lumotlarning qiyosiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, bozor kuchli o‘sish bosqichidan o‘tgan. Agar 2024-yil 1-aprelda mamlakatda 48,4 mln karta bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil apreliga kelib bu ko‘rsatkich 62,3 mlngacha ko‘tarildi (+28,9% yoki yillik hisobda +14 mln). So‘nggi bir yil ichida esa (2025-yil aprel – 2026-yil aprel) o‘sish 7,4 mln donani (+11,8%) tashkil etdi. Kursiv Uzbekistan muomaladagi kartalar soni bo‘yicha moliya muassasalari reytingini tuzib chiqdi.
Mundarija:
- Markaziy bank cheklovlarining uzaytirilishi
- Katta uchlik: pozitsiyalar almashinuvi
- Top-10 likdagi o‘zgarishlar
- Korreksiya effekti
- Yangi nomlar
Markaziy bank cheklovlarining uzaytirilishi
Joriy raqamlarda regulyator tomonidan o‘rnatilgan nazorat choralarining ta’siri sezilmoqda: 2025-yil 1-yanvardan boshlab Markaziy bank bitta jismoniy shaxs uchun kartalar soniga cheklov kiritdi — bitta bankda 5 tadan va butun tizim bo‘yicha jami 20 tadan oshmasligi kerak (chet el valyutasidagi kartalardan tashqari). Ushbu limitlarning amal qilishi emissiya dinamikasiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Kursiv Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu cheklov 2026-yilda ham uzaytirildi. Bu ma’lumotni nashrga respublikaning uchta bankida tasdiqlashdi.
Ammo foydalanuvchilar uchun ijobiy yangiliklar ham bor. Bir qator banklar kartalarni onlayn (ilova orqali) yopish funksiyasini joriy etdi, bu filiallarga borish ehtiyojini yo‘q qiladi, garchi bu xizmat hozircha barcha turdagi kartalar uchun mavjud bo‘lmasa-da.
Katta uchlik: pozitsiyalar almashinuvi
Muomaladagi kartalar soni bo‘yicha kuchli uchlikdagi banklar o‘rni 12 oy ichida o‘zgardi.
Xalq banki mamlakatning asosiy «karta» banki maqomini saqlab qolishda davom etmoqda. Uning bazasi 10,79 mlndan 11,38 mln kartagacha o‘sdi. Mo‘tadil o‘sish sur’atlariga (+5,5%) qaramay, bank ijtimoiy to‘lovlarga xizmat ko‘rsatish va keng filiallar tarmog‘i hisobiga o‘z yetakchiligini saqlab kelmoqda. Biroq, uning bozordagi ulushi boshqa ishtirokchilar tomonidan asta-sekin tortib olinmoqda.
Ikkinchi o‘rinni «Agrobank» mustahkamladi. Bir yil ichida u o‘z bazasini qariyb bir million kartaga — 5,64 mlndan 6,62 mlngacha (+17,4%) oshirdi. Bu unga o‘z pozitsiyasini saqlab qolishga imkon berdi, lekin boshqa raqobatchilar ham unga yaqinlashib qolgan.
Uzum Bank kuchli uchlikka kirdi. 2025-yil 1-aprel holatiga u reytingning 14-pog‘onasida edi (1,4 mln karta). Bugungi kunda u 6,35 mln karta natijasi bilan O‘zbekistonda 3-raqamli bank hisoblanadi. O‘sish 349,7% ni tashkil etdi. Bunday keskin sakrash sabablari haqida Kursiv Uzbekistan avvalroq yozgan edi. Bu mamlakat moliya tizimi tarixida xususiy raqamli bankning yetakchi uchlikka kirishi bilan bog‘liq birinchi holatdir.
Top-10 likdagi o‘zgarishlar
Yetakchi uchlikdan tashqarida mijozlar uchun kurash yanada qizg‘in tus oldi. Bu yerda o‘sish sur’atlaridagi farq tufayli o‘rinlarning almashishi asosiy trendga aylandi.
2025-yilning 1-aprelida yetakchi uchlikni yakunlab turgan «Ipoteka-bank» bir yil ichida to‘rtinchi pog‘onaga tushdi. Baza 4,88 mlndan 5,49 mln kartagacha (+12,6%) ishonchli o‘sganiga qaramay, bank uchinchi o‘rinni saqlab qola olmadi. Shunga qaramay, «Ipoteka-bank» xorijiy kapital ishtirokidagi banklar orasida yetakchi bo‘lib qolmoqda.
8-o‘rindan keskin ko‘tarilishni amalga oshirgan Anorbank beshinchi pog‘onaga chiqib oldi. Uning bazasi 1,3 mln kartaga o‘sib, 4,55 mlnga yetdi (+41,9%). Xuddi shunday yuksalishni Hamkorbank ham namoyish etdi va 4,32 mln karta (+34,6%) natijasi bilan 7-o‘rindan 6-o‘ringa ko‘tarildi.
Shu bilan birga, O‘zmilliybank (NBU) 6-o‘rindan 7-o‘ringa tushib ketdi. Garchi moliya muassasasi o‘sish qayd etgan bo‘lsa-da (+227 ming karta, jami 4,27 mln), 5,6% lik sur’at o‘rtacha bozor ko‘rsatkichlaridan past bo‘lib chiqdi.
Korreksiya effekti
Bir qator kredit tashkilotlarida ko‘rsatkichlarning pasayishi (korreksiya) qayd etildi. TBC Bank 2025-yil 1-aprel holatiga 4,73 mln karta ko‘rsatkichi bilan reytingda 4-o‘rinni egallagan edi. 2026-yil 1-aprelga kelib muomaladagi kartalar soni 2,95 mlngacha qisqardi. Joriy reytingda bank pastroqqa siljidi, ammo kuchli o‘ntalikda qoldi.
Octobank ham pasayishni ko‘rsatdi. Bir yil oldin u 4,67 mln karta bilan 5-o‘rinda edi. 2026-yilning hisobot sanasiga kelib, bu miqdor 1,64 mlnni tashkil etdi. Bu reytingdagi 13-o‘rin hisoblanadi.
«Asaka bank» ham ushbu guruhga kirdi. 2025-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, bankda 1,54 mln karta mavjud edi. 2026-yil 1-aprelga kelib bu ko‘rsatkich 1,29 mlngacha pasaydi. Sof qisqarish 255,8 ming donani (-16,5%) tashkil etdi. Hozirda bank 14-o‘rinni egallab turibdi.
Tenge Bank 935,8 mingdan 136 ming kartagacha pasayishni qayd etdi. Hisobot davrida muomaladan 799,7 mingta karta (-85,5%) chiqarildi, bu esa bankning 16-o‘rindan 27-o‘ringa tushib ketishiga olib keldi.
Ko‘rsatkichlarning pasayishi kichik banklarga ham ta’sir qildi. «Madad Invest Bank» kartalar sonini 17,1 mingdan 13,6 minggacha (-20,6%) kamaytirdi, «Turonbank» esa 548 mingdan 546 minggacha (-0,4%) pasayishni ko‘rsatdi.
Yangi nomlar
Jadvalning quyi qismida ham e’tiborga molik o‘zgarishlar qayd etildi. «Davr bank» bazasini 64,4 foizga (1,23 mlngacha) oshirib, 19-o‘rindan 16-o‘ringa ko‘tarildi.
Open Bank (sobiq Smart Bank) nisbiy hisobda sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. O‘sish 64,7 mingdan 287,5 ming kartagacha (+344%) bo‘ldi, natijada moliya muassasasi 30-o‘rindan 25-o‘ringa ko‘tarildi.
AVO bank 259% o‘sishni (282 ming kartagacha) qayd etib, 26-pog‘onada mustahkamlandi.
Apex Bank 680% lik rekord darajadagi foiz o‘sishini namoyish etdi, garchi mutlaq raqamlarda 32,8 ming kartalik baza bilan kichik ishtirokchi bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan jismoniy shaxslar depozitlari darajasi bo‘yicha O‘zbekiston banklari reytingini e’lon qilgan edi.