Zamburug‘li kasalliklar: kelib chiqish sabablari va xavfli omillar

eʼlon qilindi
Ko‘zga ko‘rinmas dushman qanday tarqaladi va o‘zimizni qanday himoya qilamiz
Foto: Pexels.com

O‘simlik parazitlariga mansub zamburug‘lar atrof-muhitda yashirin hayot kechirib, qulay sharoit tug‘ilishi bilan inson salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda soha mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra, gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, pala-partish dori ichish va immunitet zaiflashuvi ushbu xastaliklarning keng tarqalishiga asosiy sabab bo‘lishi mumkin.

Mundarija

Yuqish yo‘llari va yashovchanlik xususiyati

O‘simlik parazitlariga mansub zamburug‘lar odatda havoda, tuproqda va suv havzalarida nofaol hayot kechiradi. Ammo ular odam yoki hayvon terisiga tushganda turli noxush kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Tabiatda zamburug‘larning 100 mingdan ortiq turlari mavjud bo‘lib, shundan 500 ga yaqinigina inson va hayvonlar uchun xavfli, ya’ni patogen hisoblanadi.

Ilhom Rahimov / Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bu turlar turli xil teri va ichki a’zolar kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu kasalliklarning kelib chiqish sabablari, turlari va xavf guruhlari haqida Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining sobiq o‘rinbosari Ilhom Rahimov shunday deydi:

«Zamburug‘li kasalliklar bemordan yoki kasal hayvondan odamga bevosita muloqotda bo‘lganda yoki uning zararlangan buyumlaridan foydalanganda o‘tadi».

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bu mikroorganizmlar tashqi muhitning turli omillariga juda chidamli. Ular ochiq suv havzalari, o‘rin-ko‘rpa, kiyim-bosh, gilam va hatto sochlarga tushganda ham o‘z kasallik chaqirish qobiliyatini bir necha yilgacha saqlab qola oladi.

Kasallikni rivojlantiruvchi omillar

Xo‘sh, nima uchun ayrim odamlar bu kasallikka tez chalinadi? Buning asosiy sababi organizmning himoya tizimi bilan bog‘liq bo‘lib, tashqi va ichki omillar bunga turtki bo‘ladi.

Foto: Pexels.com

«Atrof-muhit holatining buzilishi, turli xil dori vositalarini (antibiotiklar, sitostatiklar, steroidli gormonlar) pala-partish, yuqori miqdorda yoki uzoq muddat qabul qilish yoxud og‘ir kechuvchi yo‘ldosh kasalliklar (o‘sma, qandli diabet va boshqalar) mavjudligi ko‘pincha zamburug‘li kasalliklar kelib chiqishini tezlashtiradi», — deb tushuntiradi markazning sobiq rahbar o‘rinbosari.

Bunday holatlarda insonning immun tizimi susayadi va zamburug‘larning ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratiladi.

Kandidoz: yashirin xavf

Kasallik chaqiruvchi turlar orasida achitqisimon zamburug‘lar (kandida) alohida o‘rin tutadi. Ular tabiatda juda keng tarqalgan bo‘lib, meva-sabzavotlarda, sut mahsulotlarida, qolaversa, odam va hayvonlarning terisi hamda shilliq qavatlarida zararsiz holatda yashaydi.

Foto: Healthians

Biroq me’da-ichak xastaliklari, vitaminlar muvozanatining buzilishi, leykoz kasalligi yoki antibiotiklar bilan tartibsiz davolanish oqibatida ular faollashib, kandidoz deb ataluvchi o‘ziga xos kasallikni keltirib chiqaradi.

Klinik kechishiga ko‘ra kandidozlar shilliq qavat va teri kandidozi, kandidozli onixomikoz, paronixomikoz hamda surunkali generalizatsiyalashgan bolalar kandidozi kabi turlarga bo‘linadi. Bunday holatda bemor tanasida aniq chegaralangan, usti gardish bilan qoplangan to‘q qizil rangli dog‘lar paydo bo‘ladi.

Kasb bilan bog‘liq xavf guruhlari

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, insonning kundalik mehnat faoliyati ham kasallikning muayyan turlari rivojlanishiga zamin yaratishi mumkin.

Foto: afootc.com

«Barmoqlar orasidagi kandidozli eroziya asosan qandolatchilar, idish-tovoq yuvuvchilar va boshqalarda uchraydi. Jarayon uchinchi va to‘rtinchi barmoqlar orasida, to‘q qizil rangli, aniq chegaralangan va o‘rtasida seroz suyuqlik bo‘lgan eroziya borligi bilan ifodalanadi», — deydi Ilhom Rahimov.

Shuningdek, og‘iz shilliq qavati kandidozi nafaqat ichki omillar, balki tashqaridan kirib kelgan patogen zamburug‘lar hisobiga ham rivojlanishi mumkinligi qayd etilgan. Mutaxassislar shu sababli shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish va dori vositalarini faqat shifokor ko‘rsatmasi bilan qabul qilishni tavsiya etadilar.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada yuqumli kasallik tarqalishi sabab chorva bozorlari yopilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek