Toshkent aeroportida qushlardan himoya qiluvchi tizim joriy etildi

Toshkent xalqaro aeroportida parvozlar xavfsizligini oshirish maqsadida qushlardan himoya qiluvchi zamonaviy intellektual tizim ishga tushirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Germaniyaning «AVES Airport» tizimi ornitologik xavfsizlik sohasidagi eng zamonaviy yechimlardan biri hisoblanadi. U sun’iy intellekt asosida yuqori xavfli hududlarda qushlarni avtomatik aniqlash, kuzatish va ularni xavfsiz hududlarga yo‘naltirish funksiyalarini bajaradi.
Tizim to‘liq avtonom rejimda ishlaydi va havo kemalari harakatiga qarab o‘zi faollashadi yoki o‘chadi. Maxsus kameralar qushlarni kunduzi 1 ming metrgacha, tunda esa 400 metrgacha masofada aniqlay oladi. Shuningdek, murakkab ob-havo sharoitlarida ham tizim o‘z vaqtida chora ko‘rish imkonini saqlab qoladi.
Qushlarni haydash uchun yo‘naltirilgan ovozli va ultratovush signallardan foydalaniladi. Signallar doimiy ravishda o‘zgartirib borilgani sababli qushlarning ularga moslashib qolishi oldi olinadi. Tizim ovoz balandligini esa masofa va atrof-muhit sharoitiga qarab avtomatik tarzda tartibga soladi, bu esa ekotizimga salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, bir nechta qurilmalar o‘zaro hamkorlikda ishlab, qushlarni xavfsiz hududlarga yo‘naltiradi. Tizim bir vaqtning o‘zida 256 tagacha qushni aniqlash, kuzatish va haydash imkoniyatiga ega bo‘lib, mutaxassislar uchun tahlil va boshqaruv jarayonlarini ham yengillashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportiga ijtimoiy tashabbus doirasida 30 ta ixtisoslashtirilgan nogironlar aravachasi taqdim etilgan edi.