AQShning eng yirik aviatashuvchisi Yaqin Sharqni tark etmoqda

AQSh harbiy-dengiz kuchlariga tegishli Jerald R. Ford aviatashuvchisi Yaqin Sharqdan qaytmoqda. Euronews xabariga ko‘ra, u 300 kundan ortiq dengizda xizmat qilib, rekord muddatni yangiladi.
Kema 2025-yil iyun oxirida Virjiniyadagi Norfolk bazasidan yo‘lga chiqqan. Dastlab O‘rta Yer dengiziga, keyin Karib havzasiga yo‘naltirilgan.
So‘nggi oyda kemada texnik muammolar yuzaga kelib, Gretsiya portida yong‘in sodir bo‘lgan. Shundan keyin ta’mirlash ishlari olib borildi.
Jerald R. Ford dunyodagi eng zamonaviy va kuchli aviatashuvchi hisoblanadi. Uning uzunligi 334 metr, og‘irligi 100 ming tonna. U 60 – 70 ta samolyotni olib yurishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kema may o‘rtalarida AQShga qaytadi. Hozirda Yaqin Sharqda yana ikki AQSh aviatashuvchisi faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi aviayonilg‘i narxlari yiliga 106,6 foizga ko‘tarilib, soha uchun asosiy xavflardan biri bo‘lib qolayotganini bildirgandi.
Unga ko‘ra, Xalqaro yo‘lovchi tashuvlari 2021-yildan beri ilk bor pasayib, 0,6 foizga kamaydi, biroq ichki yo‘nalishlardagi tashuvlar 6,5 foizga o‘sgan. Yaqin Sharq aviakompaniyalarida ko‘rsatkichlar 60,8 foizga keskin qisqargan. Shu bilan birga, inqirozli mintaqani chetlab o‘tuvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar hisobiga Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yo‘lovchi oqimi 29,3 foizga oshdi.