U pedofil emas — voqea guvohi PPX xodimi bo‘yicha ayblovlarni rad etdi

Ichki ishlar boshqarmasi (IIB) Ohangaron shahrida PPX xodimi ishtirokidagi holat yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha yangi tafsilotlarni ma’lum qildi. Voqea guvohi bo‘lgan ayol hodisa tafsilotlarini bayon qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayblovlarni rad etdi.
Guvohning so‘zlariga ko‘ra, voqea vaqtida u avtomobilning old o‘rindig‘ida bo‘lgan, voyaga yetmagan qiz esa orqa o‘rindiqda o‘tirgan. Uning ta’kidlashicha, hech qanday noqonuniy yoki nomaqbul harakat sodir etilmagan.
«Bugun va kecha internetda umuman boshqacha video chiqqanini ko‘rdim. Unda aytilishicha, go‘yoki bizni Diyor mashinaga majburan o‘tqazgan, go‘yoki A.ga nisbatan tegajog‘lik qilganmish. U pedofil emas. Umuman bu soxta va to‘qilgan xabar. Shunchaki o‘sha bolaning qanaqadir alami bo‘lgani uchun shunaqa qilgan», – deya ta’kidlaydi guvoh.
Ayolning aytishicha, ular mashinaga o‘z ixtiyori bilan o‘tirgan. Keyinchalik noma’lum yigitlar kelib, janjal ko‘targan va avtomobil oynalarini sindirishga uringan. Shundan so‘ng haydovchi vaziyatdan chiqish maqsadida mashinani tez haydab ketgan.
Guvoh ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan. Unga ko‘ra, voqeada tilga olingan yigit aslida qizning qarindoshi emas, balki uning yaqindan tanishi bo‘lib, uni muntazam nazorat qilib kelgan.
Toshkent viloyati IIB vakillari ham mazkur holat bo‘yicha dastlabki xabarlar o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qilgan. Rasmiylarga ko‘ra, voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Hozirda Ohangaron shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan ham nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan PPX xodimining voyaga yetmagan qizga tegajog‘lik qilgani rad etilgani haqida yozgan edi.