Endi har bir ko‘p qavatli uylar hududida bolalar maydonchasi bo‘lishi shart

eʼlon qilindi
Dam olish va sport bilan shug‘ullanish uchun ham maydonchalar tashkil etiladi
Endi har bir ko‘p qavatli uylar hududida bolalar maydonchasi bo‘lishi shart / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Ko‘p qavatli uylar atrofidagi hududlarda bolalar maydonchalari va zarur infratuzilma obyektlarini tashkil etish talablari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, boshqaruv organi aholiga qulaylik yaratish uchun uyga tutash yer uchastkasida o‘rindiqlar o‘rnatishi hamda belgilangan masofada chiqindilarni ajratib tashlash uchun maxsus konteynerlar joylashtirishi lozim.

Shuningdek, uylar atrofidagi hududlarda umumiy foydalanish uchun mo‘ljallangan bir qator maydonchalar bo‘lishi shart. Jumladan, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar o‘yin maydonchalari, katta yoshdagilar dam olishi uchun joylar, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish maydonlari tashkil etilishi zarur.

Bundan tashqari, maishiy chiqindilarni yig‘ish joylari, it va boshqa uy hayvonlarini sayr qildirish hududlari hamda velosiped va avtomobillarni saqlash uchun maxsus joylar ajratiladi.

Hududlarni obodonlashtirish doirasida yer uchastkalari va infratuzilma obyektlari sug‘orish uchun muhandislik-texnik qurilmalar bilan jihozlanishi, daraxt va o‘simliklar, yo‘laklar hamda trotuarlarga suv sepish tizimi yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, elektr yoritish tizimi bilan ta’minlanishi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlarga zarar yetkazish taqiqlangan edi.

Shuningdek