Investorlar korporativ obligatsiyalarga qiziqish bildirmoqda

eʼlon qilindi
Uzum moliyaviy direktori Nikita Gulyayev mamlakat kapital bozori haqida
рынок капитала
Foto: Google Images

Uzum ekotizimining moliyaviy direktori Nikita Gulyayev Kursiv Researchʼga bergan intervyusida investorlarning kutilmalari hamda talablari haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, u Oʻzbekistonda kapital bozori qanday rivojlanayotgani va qaysi tartibga solish oʻzgarishlari korporativ qarz bozorining oʻsishini tezlashtirishi mumkinligi haqida oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi.

Nikita Gulyayev. Foto: Uzum

— Bugungi kunda Oʻzbekiston kapital bozorini qanday tavsiflagan boʻlardingiz va uning boshqa rivojlanayotgan bozorlardan asosiy farqi nimada?

— Bugungi kunda Oʻzbekiston kapital bozori asosan rivojlanishning dastlabki bosqichida boʻlgan aksiyalar va obligatsiyalar segmentidan iborat. Shunga qaramay, uning salohiyati haqiqatan ham katta. Real sektor allaqachon bozor moliyalashtirishidan faol foydalanishga tayyor, biroq buning uchun kapital bozori infratuzilmasini izchil rivojlantirish zarur. Umuman olganda, Oʻzbekiston koʻplab rivojlanayotgan bozorlarga xos modelni takrorlaydi. Tashqi kapital odatda likvid mahalliy birja instrumentlari orqali emas, balki bank tizimi, davlat yevroobligatsiyalari yoki kvazidavlat emitentlariga ajratiladigan kredit liniyalari orqali kirib keladi.

Shu bilan birga, infratuzilmaning takomillashuvi va bozor shaffofligining oshishi bilan bu tendensiya bosqichma-bosqich oʻzgarishi kutilmoqda. Uzum esa bu jarayonda regulyator bilan faol hamkorlikni davom ettirib, kapital bozorini rivojlantirishga hissa qoʻshishni maqsad qilgan.

— Bugungi kunda bu bozorda investorlar kimlar? Qaysi instrumentlar daromadlilik va ommaboplik boʻyicha yetakchilik qilmoqda?

— Bugungi kunda Oʻzbekiston emitentlarining korporativ obligatsiyalariga asosiy investorlar mahalliy banklar hisoblanadi. Shuningdek, bozorda norezident kompaniyalar va jismoniy shaxslar ham faol ishtirok etmoqda. Chakana investorlar va mahalliy biznes ulushi esa hozircha cheklangan. Bunga moliyaviy savodxonlik darajasining yetarli emasligi va eng muhimi, milliy valyutadagi depozitlarning tobora ommalashib borayotgani sabab boʻlmoqda. Talab qilib olinguncha depozitlar yiliga 20 foizdan ortiq daromad taklif qilayotgan sharoitda obligatsiyalarga qiziqish sezilarli darajada pasayadi.

Hozirgi vaqtda bozor asosan muomala muddati 1–3 yil boʻlgan va kupon stavkasi taxminan 20–25 foiz darajasidagi milliy valyutadagi obligatsiyalar bilan ifodalanadi. Davlat organlarining faol pozitsiyasi hisobga olinsa, 2026-yil bozor uchun muhim bosqich boʻlishi kutilmoqda. Xususan, valyuta obligatsiyalari institutini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochilishi prognoz qilinmoqda.

— Xalqaro investorlar uchun qaysi omillar yoki tendensiyalar eng muhim ahamiyat kasb etdi: makroiqtisodiyot, tartibga solishdagi oʻzgarishlar, muvaffaqiyatli korporativ amaliyotlarning yuzaga kelishi?

Investorlarimiz orasida xalqaro korporatsiyalar, investitsiya fondlari va jismoniy shaxslar mavjud. Tajribamiz shuni koʻrsatadiki, xalqaro investorlar uchun alohida bitta omil emas, balki ularning yigʻindisi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu barqaror makroiqtisodiy muhit, emitentning shaffofligi va ishonchliligi, shuningdek, raqobatbardosh daromadlilikni oʻz ichiga oladi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda obligatsiyalar boʻyicha soliq imtiyozlarining roli alohida eʼtiborga loyiq. Bu mexanizm mahalliy kapital bozorini rivojlantirishda eng samarali ragʻbatlardan biri boʻlib, u ham rezident, ham norezident investorlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

— Investorlar uchun Uzum misolida eng muhimi nima: oʻsish surʼatlari, ekotizim miqyosi yoki korporativ boshqaruv sifati va nima uchun?

Odatda, investorlar odatda tushunarli va barqaror ishlaydigan kompaniyalarga sarmoya kiritadi. Kuchli jamoa, aniq strategiya va ochiq hisobot riskni kamaytiradi, natijada kompaniya qarzni arzonroq jalb qiladi.

Shundan kelib chiqib, chiqarilayotgan obligatsiyalar tuzilmasi boʻyicha mantiqiy xulosa shakllanadi. Biz allaqachon maʼlumotlarni oshkor qilish darajasi yuqori boʻlgan va ushbu investorlar guruhi uchun qulayroq hisoblangan, asosan norezidentlarga moʻljallangan alohida mahalliy obligatsiyalar formatiga oʻtdik.

Masalan, chet ellik investorlar uzoq muddatli muomala davriga ega obligatsiyalarga koʻproq qiziqish bildiradi va odatda emitentning muddatidan oldin qaytarib sotib olish opsiyasiga kamroq eʼtibor qaratadi.

— Rivojlanayotgan bozorda faoliyat yurituvchi kompaniya agressiv oʻsish va moliyaviy barqarorlik oʻrtasidagi muvozanatni qanday taʼminlaydi?

Agar kompaniya biznes modeli jalb etilgan moliyaviy resurslardan samarali foydalanishni taʼminlasa, oʻsish bilan birga daromad ham ortadi va kompaniya yanada barqaror boʻladi.

Uzum fintech va e-commerce yoʻnalishlariga eʼtibor qaratib, biznes koʻlamini bir necha barobar kengaytirmoqda va shu bilan birga daromadli oʻsishni namoyish etmoqda. Tashqaridan qaraganda, bunday surʼat agressiv tuyulishi mumkin, biroq biz uchun bu bozorning joriy dinamikasi va real imkoniyatlarimizning aksidir.

— Ushbu joylashtirish yordamida kompaniyaning qanday strategik vazifalarini hal qilishni rejalashtiryapsiz?

Uzum allaqachon bir trln soʻmlik korporativ obligatsiyalarning uchtasini chiqardi. Ushbu mablagʻlar Uzum Nasiya brendi ostida jismoniy shaxslar uchun mikroqarzlar portfelini rivojlantirishga yoʻnaltirilmoqda. Xizmat foydalanuvchilarga zarur tovar va xizmatlar uchun 30 kungacha foizsiz muddatli toʻlovdan foydalanish, yaʼni kundalik xarajatlar uchun «zaxira hamyon» imkonini beradi. Bugungi kunda mamlakatda 5 mlndan ortiq aholi ushbu limitdan foydalanmoqda.

Uzum uchun milliy korporativ obligatsiyalar aksiyadorlik kapitalini jalb qilish, joriy foydani qayta investitsiyalash va xorijiy investorlar kredit liniyalari bilan bir qatorda ekotizimni moliyalashtirishning muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

— Sizning fikringizcha, qanday tartibga soluvchi oʻzgarishlar korporativ qarz bozorining rivojlanishiga turtki berishi mumkin?

— Eng yirik milliy ekotizim sifatida Uzum bozorni, jumladan, kapital bozorini shakllantirishda oʻz rolini yaxshi tushunadi. Masalan, 2025-yil yakunlariga koʻra, Uzum emissiyasi Toshkent birjasi listingiga kiritilgan barcha yangi korporativ obligatsiyalarning 42 foizini tashkil etdi. Biz davlat organlari, birja, Markaziy depozitariy bilan faol hamkorlik qilib, u yoki bu yangilikni birinchilardan boʻlib amaliyotga tatbiq etmoqdamiz. Shunday qilib, biz hozirda ishonchli emitentlarga emitentning oʻz kapitalidan tashqari valyuta obligatsiyalarini ham, taʼminlanmagan obligatsiyalarni ham chiqarishga ruxsat berish, shuningdek, 2028-yildan keyin korporativ obligatsiyalar boʻyicha amaldagi soliq imtiyozini saqlab qolish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Shuningdek, banklar hozircha korporativ obligatsiyalar bozorida yetarlicha faol ishtirok etmayotgani kuzatiladi, bu esa ularning real sektorni kreditlash imkoniyatlarini cheklaydi. Shu nuqtada banklar uchun korporativ obligatsiyalarni anʼanaviy tijorat kreditlariga nisbatan jozibadorroq qiladigan prudensial ragʻbatlar muhim rol oʻynashi mumkin.

— Sizningcha, nega aynan hozir Oʻzbekiston va Uzumʼga sarmoya kiritish uchun qulay fursat hisoblanadi?

Moliyaviy direktor sifatida har qanday investitsiya imkoniyatini baholashda men doimo uchta asosiy omilga eʼtibor qarataman: tavakkalchilik, daromadlilik (soliqlarni hisobga olgan holda) va likvidlik.

Bugungi bozorda mintaqadagi investorlar uchun korporativ obligatsiyalarga toʻliq muqobil topish oson emas. Oltin, bitkoin, depozitlar yoki koʻchmas mulk odatda daromadlilik, risk va likvidlikning shunday muvozanatli kombinatsiyasini taklif eta olmaydi.

Ayniqsa, hozir bank depozitlari va davlat obligatsiyalari stavkalari pasayib borayotgan sharoitda bir necha yil davomida taxminan 20 foiz daromadlilikni oldindan belgilab qoʻyish imkoniyati kam uchraydigan holat hisoblanadi.

Koʻplab investorlar buni anglab yetmoqda va biz har oy korporativ obligatsiyalarga qiziqish ortib borayotganini kuzatyapmiz. Shu bilan birga, investorlar ushbu instrumentlarning jozibadorligini hisobga olib, obligatsiyalarni muddat yakuniga qadar saqlab qolishni afzal koʻradi.

Shuningdek