O‘zbekistonda agrosektor daromadlari qariyb 63,4 trln so‘mga yetdi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-mart oylarida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotlar hamda ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 63,4 trln so‘mni tashkil qildi. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizga o‘sgan.
Taqdim etilgan raqamlarga tayanadigan bo‘lsak, mamlakat agrosanoat majmuasining asosiy drayveri hamon an’anaviy tarmoqlar bo‘lib qolmoqda. Xususan, moliya va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari tarmoqlar kesimida quyidagicha taqsimlangan.
Dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi eng katta ulushni o‘zida jamlab, umumiy qiymati 59,8 trln so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 3,1 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, baliqchilik xo‘jaligi tarmog‘i ortda qolgan uch oy davomida jami 540,1 mlrd so‘mlik mahsulot va xizmatlar yaratishga muvaffaq bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etganlik uchun subsidiya berilishi haqida xabar bergan edi.