Navoiyda noqonuniy oltin qazib olganlar ushlandi

eʼlon qilindi
Tomdi, Konimex va Xatirchi tumanlarida 5660 kg dan ortiq oltinli qum va ruda musodara qilindi
Foto: theassay.com

Tomdi, Konimex va Xatirchi tumanlarida fuqarolar tomonidan tarkibida oltin bo‘lgan ruda, qum va toshlarni noqonuniy qazib olish hamda qayta ishlash holatlari aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tomdi tumanida qonunbuzarlari Bessopan sanoat maydonidan 5 200 kg ma’danli toshlarni yashirincha olib chiqib ketayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ekspertiza xulosasiga asosan, ushbu toshlar tarkibida 315,1 gramm sof oltin mavjud bo‘lib, uning qiymati $45 ming (569,8 mln so‘m) atrofida baholangan.

Foto: Prokuratura Departamenti

Shuningdek, Konimex tumanidagi Karakata ovul fuqarolar yig‘ini hududida bir guruh shaxslar o‘zaro til biriktirgan holda maxsus uskunalar yordamida qum va toshlardan qimmatbaho metallarni ajratib olayotgani ma’lum bo‘ldi.

Xatirchi tumanining «Zarafshon» mahallasida o‘tkazilgan reyd davomida esa ikkita yashirin xonadon aniqlangan. Fuqaro U.R. xonadonidan 160 kg, S.X. yashash joyidan esa 300 kg tarkibida oltin zarralari bo‘lgan qum-tosh aralashmasi topilgan. Ular uy sharoitida qimmatbaho metallni ajratib olish biznesi bilan shug‘ullanib kelgan.

Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi (Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda noqonuniy oltin «ovchilari» qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek