O‘zbekistonda 12 jarima ballidan oshgan ilk haydovchi aniqlandi

O‘zbekistonda yil davomida yo‘l harakati qoidalarini buzib, 12,5 jarima balli to‘plagan birinchi haydovchi aniqlandi. Uning ishi ko‘rib chiqilishi uchun sudga yuborilmoqda. Bu haqda Davlat YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Respublika miqyosida yana 11 nafar haydovchida 8 dan 10 ballgacha jarima yig‘ilgan. Ularning besh nafari Toshkent shahri, uch nafari Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi. Qolgan uch holat Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida bittadan qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-aprelidan boshlab qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlovchi qurilmalar orqali qayd etilgan to‘rt turdagi xatolik uchun ball hisoblash tizimi ishga tushirilgan. Ular orasida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagida harakatlanish hamda tezlikni oshirish holatlari bor.
Amaldagi tartibga asosan, jarima ballari 8 ga yetganda haydovchi mobil telefoniga yuborilgan SMS xabarnoma orqali ogohlantiriladi. Ballar miqdori 12 dan oshganda esa haydovchilik huquqi sud tartibida bekor qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-apreldan buyon 22 mingdan ziyod haydovchilar 5 jarima bali to‘plagani haqida xabar bergan edi.