Katta miqdorda pora olgan profilaktika inspektori ushlandi

Toshkent shahri Uchtepa tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta profilaktika inspektori $10 ming miqdorida pora talab qilib, aynan shu summani olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida profilaktika inspektori qo‘lga olindi. 1995-yilda tug‘ilgan ushbu mansabdor shaxs fuqarodan noqonuniy ravishda $10 ming olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, inspektor 2025-yil dekabr oyida fuqaroga tegishli MChJ hujjatlarini soxtalashtirish orqali IT xizmati ko‘rsatish bahonasida firibgarlik sodir etgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish va uni javobgarlikka tortishni va’da qilgan. Mazkur holatda 1990-yilda tug‘ilgan shaxs chet el fuqarosidan $450 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aytilgan va shu masalani «hal qilib berish» evaziga pul talab qilingan.
Biroq tergovga qadar tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, joriy yil fevral oyida ichki ishlar organlari tomonidan ushbu MChJ bilan bog‘liq firibgarlik holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Hozirda katta profilaktika inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiqda ham profilaktika inspektori pora bilan qo‘lga tushgan edi.