Maryam Tillayeva va qaylig‘i “Sevgi uchun stavka” shousi ishtirokchisiga aylandi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillayeva va tadbirkor Arno Kosyan «Pyatnitsa!» (Пятница) telekanalidagi «Sevgi uchun stavka» («Ставка на любовь») realiti-shousining yangi mavsumiga qo‘shilishdi. Loyiha premyerasi 2026-yil 15-mayga rejalashtirilgan.
Juftlikning aytishicha, shouda ishtirok etish ular uchun jiddiy emotsional sinov bo‘lgan. Peopletalk nashriga bergan intervyusida Tillayeva suratga olish jarayonida kuchli stressga tushgani va loyiha yakunlangach asabiy zo‘riqishni boshdan kechirganini tan olgan. U bunday darajadagi psixologik bosimga tayyor bo‘lmaganini aytgan.
Arno esa qiyinchiliklarga qaramay, loyiha ularning ikkisini ham shaxsiy jihatdan o‘stirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, juftlik bir-biriga nisbatan yanada ochiqroq bo‘lishni o‘rgangan va nafaqat kuchli tomonlarni, balki zaif jihatlarni ham qabul qilishni o‘zlashtirgan.

Tillayeva uchun eng qiyin jihatlardan biri boshqa ishtirokchilar bilan munosabat bo‘lgan. U shoudagi intriga va ishonchsizlik muhiti eng og‘ir tajribalardan biri ekanini aytgan:
«Doim noaniqlik holatida bo‘lasan va kimga ishonish mumkinligini tushunmaysan», — deydi u.
Loyiha prodyuseri Tatyana Mironova Tillayeva dastlab ishtirok etishga ikkilanib qaraganini bildirgan. Uning aytishicha, juftlik hikoyasi shouda eng hissiyotli syujetlardan biriga aylangan — sinovlar nafaqat ularning munosabatlariga, balki do‘stlik, ishonch va shaxsiy chegaralar mavzulariga ham ta’sir qilgan.
Maryam Tillayeva va Arno munosabatlari 2024-yilda boshlangan, 2025-yil yozida esa tadbirkor unga turmush qurishni taklif qilgan. Yangi loyihada ularning juftligi mavsumning asosiy hikoya chiziqlaridan birini tashkil qiladi.

«Sevgi uchun stavka» — bu realiti-shou bo‘lib, unda juftliklar bir-birini qanchalik yaxshi tushunishini, ishonch va munosabatlarni sinovdan o‘tkazadigan topshiriqlardan o‘tadi. Asosiy mexanika — «stavka»: har bir topshiriqdan oldin bir sherik ikkinchisining uddalay olishiga pul yoki ball tikadi. To‘g‘ri taxmin — yutuq, xato — yo‘qotish. O‘z juftini eng yaxshi tushunganlar esa g‘olib bo‘ladi.
Shouda ishtirok etayotgan boshqa juftliklar:
- Marat Basharov va Asya Borisova
- Anna Xilkevich va Artur Martirosyan
- Mixail va Kseniya Stognienko
- Irakli Pirtsxalava va Lena Grebenshchikova
- Yevgeniy Yershov va Anna Prolygina
- Viktoriya Sinitsina va Nikita Katsalapov
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maryam Tillayevaning minglab dollarga aldanib qolgani haqida yozgan edik.