O‘zbekiston OTBning «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shiladi

O‘zbekiston prezidenti Osiyo taraqqiyot bankining «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shilishini ma’lum qildi va uning mintaqaviy markazini Toshkentda ochishni taklif etdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2040-yilga borib sun’iy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foizga oshishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt xabini tashkil qilish va iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq loyihalarni hayotga tatbiq etish boshlangan.
Hududlarda data markazlar, super kompyuterlar va laboratoriyalar sonini ko‘paytirish hamda «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi doirasida mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan. O‘zbekiston rahbari ushbu yo‘nalishlarda qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ko‘magini alohida e’tirof etdi.

«Bu yo‘nalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSh, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman», – dedi prezident.
Ta’lim, tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligi kabi sohalarda ochiq sun’iy intellekt modellaridan foydalanish zarurati ortib bormoqda. Bunga javoban Osiyo taraqqiyot banki shafeligida rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB va O‘zbekiston o‘rtasida 12,5 milliard dollarlik sheriklik dasturi imzolangani haqida xabar bergan edi.