2030-yilgacha «yashil» energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi

eʼlon qilindi
Toza energiya ishlab chiqarishni oshirish barobarida Yevropaga «yashil» koridor yaratish tashabbusi ham ilgari surilmoqda
Foto: Power Uzbekistan

O‘zbekiston 2030-yilga qadar mamlakat generatsiyasida «yashil» energiya ulushini hozirgi 30 foizdan 54 foizga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Ushbu qadam sun’iy intellekt rivoji sababli oshayotgan energiya ehtiyojini qondirishga qaratilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 5,6 ming megavattlik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirgan. Buning natijasida energiya tizimida qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 30 foizga yetgan.

Foto: Prezident matbuot kotibi

Xalqaro energetika agentligi tahlillariga ko‘ra, 2030-yilga borib ma’lumotlar markazlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi hozirgidan 2-3 barobarga oshadi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, kelajakda faqat arzon va ishonchli toza energiya taklif qila oladigan davlatlargina global bozorda raqobatbardosh bo‘la oladi.

Shuni inobatga olib, mamlakat Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida «yashil» energetika koridorini yaratish ustida ish olib bormoqda. Mintaqaning qayta tiklanadigan energiya salohiyatini ta’kidlagan davlat rahbari Osiyo taraqqiyot banki ko‘magiga to‘xtalib o‘tdi.

«Toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo – Yevropa «yashil» energetika koridorini yaratishda Osiyo taraqqiyot banki ko‘rsatayotgan yordamni minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz», – dedi prezident.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy Osiyoda Raqamli bojxona va logistika alyansi tashkil etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek