Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo turizm halqasini yaratishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yigʻilishida Markaziy Osiyo turizm halqasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Dunyodagi notinchlik sabab ko‘plab sayyohlar xavfsiz yo‘nalishlarni izlamoqda. Shu fonda Markaziy Osiyo turizm uchun istiqbolli hudud sifatida e’tiborni tortmoqda.
Mintaqa ziyorat, madaniy, gastronomik, etno va boshqa turizm yo‘nalishlari bo‘yicha katta salohiyatga ega. O‘zbekiston bu sohani rivojlantirish uchun infratuzilma, servis, viza va transport tizimini yaxshilashga alohida e’tibor qaratdi. Natijada so‘nggi o‘n yilda xorijiy turistlar soni 6 baravar oshib, 12 mln nafarga yetdi.
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yangi turizm maskanlariga aylandi. Shunga o‘xshash loyihalar qo‘shni davlatlarda ham amalga oshirilmoqda.
Shu sababli prezident yigʻilishda mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi «Markaziy Osiyo turizm halqasi»ni yaratish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda turizm loyihalarini moliyalashtirish taklif qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyoda Raqamli bojxona va logistika alyansi tashkil etilishi mumkinligi xabar qilingandi. Bu tashabbus bojxona tartiblarini uyg‘unlashtirish, hujjatlarni raqamlashtirish va yuk tashishni yengillashtirishga xizmat qiladi.