Elektromobillarni quvvatlashda subsidiya tizimi joriy etiladi

Energetika vazirligi elektromobillarni quvvatlash infratuzilmasini takomillashtirish va sohani raqamlashtirishga qaratilgan yangi loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjatda elektr transporti uchun qulay sharoit yaratish, investitsiyalarni jalb etish hamda xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.
Taklifga ko‘ra, elektromobil egalari uchun elektr energiyasi xarajatlarining bir qismi uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Xususan, zaryadlash shoxobchalarida sarflangan 1 kW/h elektr energiyasining 300 so‘mdan oshgan qismi budjet mablag‘laridan qoplab beriladi. Ushbu mexanizm 2026-yil 1-maydan boshlab joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2030-yil 31-dekabrgacha jismoniy shaxslar uchun amal qiladi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, subsidiya miqdori «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan belgilangan tariflardan kelib chiqib hisoblanadi va har oy «Soliq» mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank kartalariga o‘tkazib beriladi.
Shuningdek, elektromobillarni quvvatlash tizimini raqamlashtirish jarayoni ham kuchaytiriladi. 2026-yil 1-avgustga qadar Toshkent shahrida «EV-Power» platformasining sinov versiyasi ishga tushiriladi, 1-dekabrga qadar esa ushbu tizim butun respublika bo‘ylab to‘liq joriy etilishi rejalashtirilgan. Platformani ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash «Uzinfocom» MChJ tomonidan amalga oshiriladi.
Qaror loyihasida, shuningdek, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini joylashtirish tartibini takomillashtirish, yer uchastkalarini ajratish mexanizmlarini soddalashtirish hamda metrologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq talablar belgilangan. Tez quvvatlash stansiyalarini joylashtirish masofalari, elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani boshqarish hamda davriy texnik tekshiruvlarni majburiy tartibda joriy etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, sohani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish, investitsiyalarni jalb etish hamda quvvatlash stansiyalari uchun yer maydonlarini elektron auksion orqali taqdim etish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, yangi loyihan muhokamasi 2026-yil 2-maydan 17-mayga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobuljon Tursunov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati yuzasidan Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovga senator so‘rovi yuborgan edi.