2026-yilda O‘zbekistondan 15 mingdan ortiq ziyoratchi Hajga boradi

O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj ziyorati mavsumi doirasida 9 ta hududiy aeroport orqali 15 mingdan ortiq ziyoratchini Madina shahriga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airport ma’lum qildi.
Joriy yil 2-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:10 da Toshkent xalqaro aeroportidan Madina shahriga ilk ziyoratchilar guruhi jo‘nab ketdi va shu bilan mavsumning tantanali ochilishi amalga oshirildi.
Tasdiqlangan dasturga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 9 ta hududiy aeroportdan jami 70 ta maxsus aviareys amalga oshiriladi. Ushbu reyslar orqali jami 15 130 nafar ziyoratchining Saudiya Arabistonidagi muqaddas qadamjolarga yetib borishi rejalashtirilgan.
Hududlar kesimida Namangandan 7 ta reys (1 890 ziyoratchi), Andijondan 10 ta reys (1 725), Farg‘onadan 10 ta reys (1 710), Buxorodan 3 ta reys (1 078), Samarqanddan 3 ta reys (900), Termizdan 5 ta reys (882), Qarshidan 5 ta reys (833) va Urganchdan 4 ta reys (720 ziyoratchi) amalga oshirilishi belgilangan.
Barcha aviaparvozlar Toshkent–Madina yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajariladi. Ziyoratchilarni aeroportlarda ro‘yxatdan o‘tkazish, bojxona nazoratidan o‘tkazish va parvozga tayyorlash jarayonlari tartibli tashkil etilgan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun kutish zallarida zarur sharoitlar yaratib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj mavsumi 2-maydan 18-mayga qadar davom etishi haqida xabar qilgan edik.