086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani endi onlayn olish mumkin

086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani endi my.gov.uz portali orqali masofadan turib olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda portal rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Avval ushbu ma’lumotnomani olish uchun fuqarolar shifoxonaga borib, navbat kutishi va hujjatlarni qo‘lda rasmiylashtirishi kerak edi. Yangi tartibga ko‘ra esa jarayon to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgan.
Mazkur tibbiy ma’lumotnoma OTM, litsey va kollejlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar, sportchilar, ishga kirayotgan nomzodlar, sudyalik lavozimiga tayinlanadigan shaxslar hamda «Muruvvat» va «Sahovat» uylariga yo‘llanma oluvchi keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga taqdim etiladi.

Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga kirilib, «Sog‘liqni saqlash» bo‘limidan 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish xizmati tanlanadi va hujjat yuklab olinadi. Bunda ma’lumotnoma tizimda shakllanishi uchun fuqaro avval tibbiy muassasada shifokor ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi kerak, shifokor xulosalari bazaga kiritilgandan so‘ng hujjat elektron tarzda tayyor bo‘ladi.

Xizmat bepul bo‘lib, undan foydalanish uchun qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarida 50 foizlik chegirma berilishi haqida yozgan edik.