
Xiaomi yangi 17T seriyali smartfonlarini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Tarmoqda Xiaomi 17T va 17T Pro modellarining narxlari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Unga ko‘ra, Xiaomi 17T modeli 6,59 dyuymli ekran bilan chiqadi. Displey 120 Hz yangilanish tezligiga ega bo‘ladi. Smartfon MediaTek Dimensity 8500 Ultra chipida ishlaydi. U 12 GB operativ xotira va 256 yoki 512 GB doimiy xotira bilan taqdim etiladi. Batareya sig‘imi 6500 mA/soat, zaryadlash quvvati 67 Vt bo‘ladi.

Xiaomi 17T Pro esa kattaroq 6,83 dyuymli ekran bilan keladi. Ekran 144 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma MediaTek Dimensity 9500 protsessorida ishlaydi. Batareya sig‘imi 7000 mA/soat. 100 Vt tezkor va 50 Vt simsiz zaryadlash qo‘llab-quvvatlanadi.

Har ikkala modelda kamera tizimi bir xil bo‘ladi. Asosiy kamera 50 MP, 5 karra optik zoomli telekamera 50 MP va keng burchakli kamera 12 MP. Old kamera 32 MP etib belgilangan.
Narxi bo‘yicha esa Xiaomi 17T modeli Yevropada $750 atrofida sotiladi. Xiaomi 17T Pro esa $1 mingdan boshlanadi. Yangi modellarning narxi xotira narxi oshgani sabab avvalgidan qimmatroq bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya 67 ta model uchun batareya almashtirish narxini arzonlashtirgandi. Gizmochina xabariga ko‘ra, Xitoydagi aksiya doirasida smartfon batareyasini almashtirish 20 foiz chegirma bilan taklif etilmoqda.
Aksiya 7-maygacha amal qiladi va jami 67 ta Xiaomi hamda Redmi modelini qamrab oladi. Batareya almashtirish narxi 47,2 yuan, ya’ni taxminan $7 dan boshlanadi.