
Angliya Premyer-ligasining 35-turida Londonning «Chelsi» klubi «Nottingem Forest»ni qabul qildi. Uchrashuvda «o‘rmonchilar» 1:3 hisobida ustun keldi. Ushbu mag‘lubiyat «aristokratlar» uchun ketma-ket oltinchisi bo‘ldi.

Uchrashuvda tezkor gol kiritildi, 2-daqiqadayoq Tayvo Avonye boshi bilan Robert Sanches qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi. Oradan ko‘p o‘tmay Avonye jarima maydoni ichida yiqitildi. 11 metrlik jarima zarbasini «o‘rmonchilar»ning braziliyalik hujumchisi Igor Jezus aniq amalga oshirib, hisobni 0:2 ga oshirdi.
Birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Biroq Koul Palmer imkoniyatdan foydalana olmadi. Ikkinchi taymda esa «Nottingem Forest» hujumlarni kuchaytirdi, gol ham o‘zini ko‘p kuttirmadi. 52-daqiqada Morgan Gibbs-Uayt uzatgan to‘pni yana o‘sha Avonye darvozaga joylab qo‘ydi, hisob 0:3.

73-daqiqada Joao Pedro hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi, biroq gol ofsayd sababli bekor qilindi. Uchrashuv asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan vaqtlarda Joao Pedro baribir o‘z maqsadiga erishdi. «Chelsi» hujumchisi akrobatik uslubda, chiroyli gol kiritdi. Bu gol londonliklarning 5 o‘yinlik golsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi.

«Chelsi» oxirgi 6 bahsning barchasida mag‘lubiyatga uchradi. Londonliklar ushbu uchrashuvlarda bor-yo‘g‘i 1 gol urib, o‘z darvozasidan 14 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Jamoa hozirda 48 ochko bilan 9-o‘ringa tushib ketgan. «Chelsi»ning navbatdagi o‘yini 9-may kuni mehmonda «Liverpul»ga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Chelsi» klubi Abduqodir Husanov vakillari bilan aloqaga chiqqani haqida xabar bergan edi.