Toshkentda magnit bo‘ronlari qayd etildi. Navbatdagi faollik qachon

5-may kuni Toshkent shahrida tundan 15:00 ga qadar G1 – G2 darajasidagi magnit bo‘roni kuzatildi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti quyosh astronomiyasi laboratoriyasi (XRAS) xabar bermoqda.

Hozirgi vaqtda geomagnit vaziyat biroz mo‘tadillashgan va tebranishlar pasayishni boshlagan. Laboratoriya ma’lumotlariga ko‘ra, 6-maydan 14-mayga qadar poytaxtda magnitosfera holati barqaror saqlanib qoladi.
Uzoq muddatli prognozlarga asosan, 15 va 16-may kunlari 5 balli magnit bo‘ronlari takrorlanishi kutilmoqda. Shuningdek, 17–18 hamda 23-may kunlari magnitosferaning 4 balli holati qayd etilishi taxmin qilinmoqda.

Umumiy oylik tahlillarga ko‘ra, joriy davrda magnitosfera holati 68 foiz tinch, 25 foiz biroz qo‘zg‘algan va 7 foiz magnit bo‘roni darajasida bo‘lishi ma’lum qilingan. Mutaxassislar bunday kunlarda magnit bo‘roniga ta’sirchan insonlarga salomatliklariga e’tiborli bo‘lishni, ko‘proq suv ichishni va ortiqcha jismoniy zo‘riqishlardan qochishni tavsiya etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 6-aprel kuni magnit bo‘roni kuzatilishi haqida xabar bergan edi.