AQShdagi haydovchisiz avtomobil, «Barselona» afsonasi va «Yevrotunnel» ochilishi — kun tarixi

eʼlon qilindi
6-mayda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Kollaj / Kursiv Uzbekistan

6-may sanasi nafaqat yirik muhandislik yutuqlari va texnologik inqiloblar, balki jahon fani hamda madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan shaxslarning tavalludi bilan ham yodda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealari xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: Hulton Archive / Getty Images

1856-yili psixoanaliz asoschisi, inson ruhiyati haqidagi qarashlarni butunlay o‘zgartirgan avstriyalik olim Zigmunt Freyd dunyoga keldi. Uning ong osti, tushlar ta’biri va psixologik rivojlanish haqidagi nazariyalari nafaqat tibbiyotda, balki XX asr san’ati va adabiyotida ham katta burilish yasagan.

Foto: Denis Makarenko / Shutterstock.com

1961-yilda Gollivudning eng nufuzli aktyorlaridan biri, ikki karra «Oskar» mukofoti sohibi Jorj Kluni tavallud topdi. U «Oushenning 11 do‘sti» va tez tibbiy yordam haqidagi seriallardagi rollari bilan mashhurlikka erishib, keyinchalik muvaffaqiyatli rejissor hamda ijtimoiy faol sifatida ham o‘zini namoyon qildi.

Foto: Goal.com

1983-yili «Barselona» klubi va Braziliya terma jamoasining afsonaviy himoyachisi Dani Alvesh tug‘ilgan. Faoliyati davomida 40 dan ortiq rasmiy sovrinlarni qo‘lga kiritgan ushbu sportchi futbol tarixidagi eng ko‘p unvonga ega o‘yinchilardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Foto: UEFA

1987-yilda Belgiya terma jamoasi va Italiyaning «Napoli» klubi yulduzi Dris Mertens dunyoga keldi. U Neapol klubi tarixida Diyego Maradona va Marek Hamshik kabi afsonalarni ortda qoldirib, eng ko‘p gol urgan to‘purar sifatida yangi rekord o‘rnatgan.

Foto: ice.org.uk

1994-yili Angliya va Fransiyani La-Mansh bo‘g‘ozi ostidan bog‘lovchi ulkan «Yevrotunnel» rasman ishga tushirildi. Uzunligi 50 kilometrdan oshadigan ushbu zamonaviy muhandislik mo‘jizasining tantanali ochilish marosimida qirolicha Yelizaveta II va Fransiya prezidenti Fransua Mitteran ishtirok etgan.

Foto: Dietmar Rabich / Wikimedia Commons

2012-yilda AQShning Nevada shtati dunyoda ilk bor haydovchisiz avtomobillarga umumiy yo‘llarda harakatlanish uchun ruxsat berdi. Tarixiy litsenziya Google kompaniyasi tomonidan maxsus ishlab chiqilgan avtopilot tizimi o‘rnatilgan «Toyota Prius» avtomobiliga taqdim etilib, transport sohasida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 5-may sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek