Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati yangilandi: Eldor Adilov vazir etib tayinlandi

Shavkat Mirziyoyevning qaror va farmonlariga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligiga yangi rahbar va o‘rinbosarlar tayinlandi. Eldor Erkinovich Adilov sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi.
Unga ko‘ra, tayinlovga qadar Adilov Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti sho‘ba mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.
Shu bilan birga, Asilbek Anvarovich Xudayarov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan ozod etildi. U 2024-yildan ushbu lavozimda ishlashni boshlagan.

Alisher Shukrullayevich Boboyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan, Elmira Irkinovna Basitxanova va Farxodjon Muxammadjonovich Tashpulatov esa vazir o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, qarorga muvofiq Otabek Sunnatovich Imamov sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Jaloliddin Sharafutdinovich Asamutdinov vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adxam Yusupovich Xudaykulov, Sherzod Dilmuratovich Muxamedov hamda Ilxomjon O‘rinboy o‘g‘li Umrzaqov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi. Ilxomjon Umrzaqov avvalgi lavozimi — iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdullar Azizov Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga direktor etib tayinlangan edi.