Google bolalar ma’lumotlari bilan bog‘liq da’vo bo‘yicha 8,25 mln dollar to‘lashga rozi bo‘ldi

AQShda sud Google kompaniyasiga qarshi bolalar ma’lumotlarini noqonuniy yig‘ish bilan bog‘liq jamoaviy da’vo yuzasidan tuzilgan kelishuvni dastlabki bosqichda ma’qulladi. Kelishuvga ko‘ra, kompaniya $8,25 million to‘lashga rozi bo‘lgan, deya yozmoqda MediaPost nashri.
Kaliforniya shimoliy okrugi sudyasi Keysi Pitts ushbu bitimni adolatli va asosli deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, agar ish sudgacha yetib borganida, tomonlar katta xarajatlar, murakkab huquqiy masalalar va uzoq davom etadigan jarayonlarga duch kelishi mumkin edi.
Kelishuv doirasida 2015-yildan 2026-yil yanvarigacha Google Play orqali ilovalardan foydalangan va o‘sha paytda 13 yoshdan kichik bo‘lgan AQSh fuqarolari kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘ladi. Ularga to‘lanadigan mablag‘ miqdori da’vo qiluvchilar soniga qarab taxminan $0,83 dan $2,17 gacha bo‘lishi mumkin.
Mazkur ish 2023-yilda bir guruh ota-onalar tomonidan qo‘zg‘atilgan. Ular farzandlari Android Play Store’dagi ayrim o‘yinlarni yuklab olganidan so‘ng, Google’ning reklama platformasi AdMob orqali ularning shaxsiy ma’lumotlari yig‘ilganini iddao qilgan. Gap Tiny Lab Productions kompaniyasi ishlab chiqqan va «bolalar uchun mo‘ljallangan» deb belgilangan o‘yinlar haqida bormoqda.
AQSh qonunchiligiga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini ota-ona roziligisiz yig‘ish taqiqlangan. Da’vogarlarga ko‘ra, Google ushbu talablar buzilayotganini bilishi kerak edi.
Kompaniya avvalroq suddan ishni bekor qilishni so‘ragan, biroq sud bu talabni rad etgan. Sudya Pittsning fikricha, kompaniya ayrim ilovalarni platformadan olib tashlagan bo‘lsa ham, ma’lumot yig‘ish jarayoni keyinchalik ham davom etgan bo‘lishi mumkin.
Endilikda sud 24-sentabr kuni yakuniy eshituv o‘tkazib, kelishuvni to‘liq tasdiqlash yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google kompaniyasining SpaceX’ga sarmoyasi 100 mlrd dollargacha yetishi mumkinligi haqida yozgandi.