Davlat budjeti hisobidan xususiy klinikalarda ham tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi

2026-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va tibbiy xizmatlarda sog‘lom raqobatni shakllantirishga qaratilgan yangi tartiblar kuchga kiradi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
Yangi tizimga ko‘ra, nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bemorlarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Bunda davolash xarajatlari barcha tibbiyot muassasalari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi.
Shuningdek, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkilotlari uchun davlat bilan shartnoma tuzish jarayoni soddalashtiriladi. Bunday klinikalar uchun qo‘shimcha ekspert xulosasini olish talabi bekor qilinadi.
Shu bilan birga, bemorlarni davlat hisobidan davolash, jarrohlik amaliyotlari va ixtisoslashtirilgan xizmatlarga yo‘llashning yangi tartibi joriy etiladi. Mablag‘lar endi muassasalar bo‘yicha emas, balki kasallik yo‘nalishlari kesimida taqsimlanadi.
Bundan tashqari, litsenziya talablarini buzgan tibbiyot tashkilotlariga nisbatan cheklovlar faqat tegishli xizmat yo‘nalishi doirasida qo‘llanadi. Tug‘uruq xizmatlari yo‘nalishida esa bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida tashkil etishga ruxsat beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilishi haqida yozgandi.