Janubiy Koreyada sobiq birinchi xonim ishini ko‘rgan sudya o‘lik holda topildi

Janubiy Koreyada mamlakat sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi, sobiq birinchi xonim Kim Kon Xi bilan bog‘liq sud ishini ko‘rgan sudya o‘lik holda topildi. Bu haqda CNA nashri xabar berdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Seul yuqori sudida faoliyat yuritgan sudya Shin Jong-o 6-may kuni tungi soat taxminan 01:00 atrofida sud binosida hushsiz holda topilgan. U zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning vafot etganini aytgan.
Huquq-tartibot idoralari vakillari o‘limda zo‘ravonlik alomatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi. Mahalliy OAV sudya tomonidan o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq xat qoldirilgani haqida xabar bergan bo‘lsa-da, tergovchi bu ma’lumotni tasdiqlamadi.

Ma’lumot uchun, sudya Shin Jong-o o‘tgan oy 53 yoshli sobiq birinchi xonim Kim Kon Xi ishi bo‘yicha apellyatsiya sudiga raislik qilgan. Sud qaroriga ko‘ra, u aksiyalar bilan bog‘liq manipulyatsiya va pora olishda aybdor deb topilib, avvalgi 20 oylik jazo muddati 4 yilga uzaytirilgan.
Mazkur og‘irlashtirilgan hukm quyi instansiya sudi tomonidan aksiyalar manipulyatsiyasi bo‘yicha oqlov qarori bekor qilingach chiqarilgan. Sudya o‘sha paytda sobiq birinchi xonim o‘z aybini tan olmaganini va doimiy ravishda turli bahonalar bilan chiqayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq apellyatsiya sudi Janubiy Koreya sobiq prezidentining 2024-yilda e’lon qilgan harbiy holat bilan bog‘liq ishi yuzasidan tayinlangan qamoq jazosini yetti yilga uzaytirgan edi.